✍️ Sheʼrlar

Sevgimga shubha qilmang

30 marta oʻqildi
Sevgimga shubha qilmang

Shubha qilmang meni sevgimga,
Gumonlardan ozor tuyaman.
Yuragimni ochmay hech kimga,
Men shunaqa, soʻzsiz suyaman.

Shubha qilmang, oʻylamang bedil,
Bilmaysiz-da, koʻnglim qatini.
Minglab inson mana shu zayil,
Bekitadi muhabbatini.

Shubha qilmang, sevgi soxta deb,
Ishqi mos deb faqat sheriga.
Koʻmdim sevgim avaylab, asrab,
Yuragimning chuqur yeriga.

Shubha qilmang tuygʻularimga,
Hijronlarda toʻkilgan yoshim.
Toshlar otmang, koʻngli yarimga,
Malomatda qoldirmang boshim.

Shubha qilmang, qochmasin iymon,
Nigohlarim ichchikkani rost.
Yoningizda yoʻqman yorijon,
Yodingizda yashadim xolos.

Shubha qilmang, yillar va yoʻllar,
Demang, bizga vafo qilmaydi.
Yurakdagi orzumand gullar,
Ikkimizdan oʻzga bilmaydi.

Shubha qilmang, shubhalar bekor,
Biling, vafo guli bizgadir.
Aytayapman, pichirlab takror,
Mening ishqim faqat sizgadir.

Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!